20/09/2021

Joriy yilning 17- sentabr kuni poytaxtimizdagi “Grand Mir Hotel” mehmonxonasida BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamda Davlat statistika qo‘mitasi hamkorligida aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha jurnalist va blogerlarning malakasini oshirish yuzasidan seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi a’zolari, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi mutaxassislari, Davlat statistika qo‘mitasi va hududiy statistika boshqarmalari xodimlari hamda journalist va blogerlar ishtirok etdi.

Mazkur seminar-trening aholini ro‘yxatga olish jarayonidan keng ommani xabardor qilishda OAV xodimlarining malakasini oshirishdan iborat. Bu jarayonda sifatli media-kontent ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Seminar-trening  davomida BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Kamolxon Inomxodjayev, MDH statistika qo‘mitasi  ijtimoiy-demografik statistika boshqarmasi boshlig‘i Irina Zbarskaya, UNFPAning xalqaro eksperti Galina Sherbakova, Davlat statistika qo‘mitasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi treneri Nargis Qosimova, Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov mavzu yuzasidan ma’ruza qilishdi.

Ma’ruzachilar aholini ro‘yxatga olishning me’yoriy–huquqiy asoslari, jarayonlarni yoritishda tayyorlanadigan materiallar sifati, fake news va faktchekking asoslari, maqsadli auditoriyani aniqlash va u bilan ishlash usullari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir so‘nggida aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng targ’ibot qilishda jurnalist va blogerlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

 

Matbuot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech