04/08/2022

    Joriy yilning 1-iyulidan eʼtiboran respublikamizning barcha hududlari (shahar va tumanlari)da aholini roʻyxatga olish boʻlimlari tashkil etildi.  2023-yilda mamlakatimizda oʻtkaziladigan roʻyxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish uchun  oʻz hududlari miqyosida  bevosita masʼul  etib belgilangan mazkur boʻlimlarning boshliqlari va oʻrinbosarlari uchun hududiy statistika boshqarmalari tomonidan roʻyxatga olish ishlariga tayyorgarlikni tashkil etishga bagʻishlangan oʻquv seminarlari onlayn va offlayn formatlarda oʻtkazib kelinmoqda.

    Xususan, hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlikning eng asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu vazifaning toʻliq va sifatli bajarilishi, oʻz navbatida, roʻyxatga olish ishlarining samarali boʻlishiga zamin yaratadi.

   Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbasi hisoblanadi.

     Ta’kidlash lozimki, aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir davrda O’zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma’lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.

     Eslatib o‘tamiz, aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha asosiy tadbir 2023-yil noyabr oyida o’tkaziladi.

Roʻyxatga olish jarayonidan fotolavhalar:

Axborot xizmati

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech