05/08/2022

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020- yil 11- noyabrdagi 710-son qaroriga muvofiq, joriy yilning avgust oyida uy-joylar ro‘yxatini tuzish ishlarini amalga oshirish vazifasi belgilangan.

    Shu munosabat bilan bugun, 4- iyuldan boshlab, respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 7 ming nafarga yaqin registrator xodimlar tomonidan turar joylar va aholi yashashi mumkin bo‘lgan noturar joylar ro‘yxatini shakllantirish hamda mahalla xaritalarini joyidagi haqiqiy holatga mosligini o‘rganish ishlari boshlandi.

    Mazkur tadbirlar natijasida mahallalardagi raqamsiz uylar, nomsiz ko‘chalar, xaritaga kiritilmagan turar joylar, buzilgan uylar, yangi qurilayotgan turar joylar va aholi yashashi mumkin bo‘lgan noturar joylar aniqlanadi va mahalla xaritalari yangilanadi. Bu esa aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

    Registratorlar 31- avgustga qadar ish faoliyatini olib borishadi. Jarayonlarning borishi haqida muntazam ravishda axborot berib boriladi.

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech