07/11/2023

    Joriy yilning 7-noyabr kuni Oliy Majlis Senatida Jahon banki vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, oʻtgan yili ushbu nufuzli xalqaro moliya tashkiloti direktorlar kengashi mamlakatimiz bilan 2022-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturini tasdiqlagan edi.

Bugungi kunda Jahon banki tomonidan mamlakatimizda kambagʻallikka qarshi kurashish, tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirish va moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish, qishloq infratuzilmasi va oʻrta shaharlarni modernizatsiya qilish, xotin-qizlar bandligi va yoshlarning kasbiy taʼlimi, sogʻliqni saqlash strategiyasini amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli loyihalar yoʻlga qoʻyilgan.

Uchrashuv davomida Jahon banki tomonidan inson kapitalini rivojlantirish, gender tenglikni taʼminlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.

Muloqotga mazkur loyihalarga daxldor vazirlik va idoralar vakillari hamda Jahon banki mutaxassislari ham jalb etildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi boshligʻi Yuldoshev Zoyir Toshkanovich ham ishtirok etdi.

Ushbu nufuzli moliya tashkiloti vakillari tomonidan mamlakatimizda qator tadqiqotlar olib borildi va Oʻzbekistonda gender baholash natijalari boʻyicha xulosa tayyorlandi. Unda 4 yoʻnalish, yaʼni gender meʼyorlari va ijtimoiy kutilmalar, inson kapitali, iqtisodiy imkoniyatlar hamda ayollarning ovozi va erkinligini oshirish boʻyicha harakatlar borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar oʻrin olgan.

Jahon banki vakillarining bildirishicha, baholash xulosalari 2018-2022-yillar va qisman 2023-yilda mamlakatda amalga oshirilgan ishlar, tadqiqotlar, kuzatuvlar hamda statistik maʼlumotlarni oʻrganish natijalari asosida tayyorlangan.

Muhokamalar jarayonida vazirlik va idoralar vakillari Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni taʼminlash borasida qilingan ishlarga toʻxtalib oʻtdilar.

Oʻz navbatida, Jahon banki vakillari Oʻzbekistonda keyingi yillarda mazkur yoʻnalishda katta islohotlar amalga oshirilganini, ularning natijalarini xulosada aks ettirish muhimligini taʼkidlab oʻtdilar.

Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda yakuniy hujjatni takomillashtirishga kelishib olindi.