2021- yilning 7- dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda boshqarma boshlig‘i Ganiev Temirbay Turg‘anbaxievich so‘zga chiqib, barchani bayram bilan qutladi. Shuningdek, boshqarma yurist konsulti G. Nurmanova Konstitutsiya tarixi, uning jamiyatdagi ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan quyidagilar haqida to‘xtaldi.
-Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
1992- yil 8- dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8-dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.
-Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi mustaqil jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani uning hayotiyligining kafolatidir.
Shu bilan birga, Asosiy Qomusimiz ko‘plab demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy qurilish sohasidagi ilg‘or tajribaning eng yaxshi jihatlarini, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining umume’tirof etilgan normalari hamda mazkur sohadagi boshqa xalqaro hujjatlarga asoslangan inson huquq va manfaatlari, erkinligini ta’minlash va himoya qilish mexanizmini o‘zida mujassam etgan.
Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi.
Matbuot xizmati