12/10/2023

    Aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazish ishlari keng qamrovli tadbir bo'lib, ketma-ket hamda bir vaqtning o'zida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo'lgan uch bosqichini o'z ichiga oladi:

Birinchi bosqichda (3 yilgacha bo'lgan muddat) quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazishni tashkil etish, o'tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi;

aholini ro'yxatga olish tadbiri dasturini, aholini ro'yxatga olishni o'tkazish, uning natijalarini olish va e'lon qilishni tashkil etish uslubiyati ishlab chiqiladi;

aholini sinov asosida ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish ishlari olib boriladi;

har bir ro'yxatga oluvchilarni o'z hududi bo'yicha xaritalar bilan ta'minlanadi;

aholi punktlaridagi uylarning ro'yxatini tuzish va aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazishning tashkiliy rejasi tuziladi;

har bir xonadon raqamlanishi va ko'chalar nomlanishini amalga oshiriladi;

zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko'rish, uning o'tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish orgali tadbir monitoring qilib boriladi;

aholiga aholini ro'yxatga olishning maqsadi va vazifalari axborot-tushuntirish ishlari orqali tanishtiriladi;

ro'yxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlar chop etilib, joylardagi mutaxassislarga etkaziladi;

ro'yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta'minlash ishlari tashkil etiladi;

ro'yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlar o'qitilib, ular zaruriy vositalar bilan ta'minlanadi;

aholini ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko'rish bilan bog'liq boshqa ishlar olib boriladi.

Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo'lgan davr) bevosita aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazish ishlari amalga oshiriladi, ya'ni aholi to'g'risidagi ma'lumotlar yig'iladi, nazorat tekshiruvi o'tkaziladi va aholini ro'yxatga olish tadbiri materiallari qayta ishlash uchun ixtisoslashgan tuzilmalarga taqdim etiladi.

Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo'lgan davr) quyidagilar amalga oshiriladi:

aholini ro'yxatga olish tadbirining birlamchi materiallari ma'lumotlarni qayta ishlash bo'yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olinadi;

aholini ro'yxatga olish tadbiri materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlanadi;

birlamchi ma'lumotlarni kiritish, kodlashtirish, nazorat va tahrir qilish ishlari amalga oshiriladi; aholini ro'yxatga olish bo'yicha dastlabki natijalar olinadi;

aholini ro'yxatga olish tadbiri natijalarini e'lon qilish va ularni tarqatish ishlari amalga oshiriladi.

Aholini ro'yxatga olish bo'yicha vakolatli organ - O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligi hisoblanib, ular quyidagi muhim vazifalarni amalga oshiradilar:

  1. a) muhim ilmiy va oliy ta'lim muassasalari ishtirokida aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazish bo'yicha ilmiy-uslubiy va qo'llanma materiallarni tayyorlaydi;
  2. b) har bir aholi punktida aholini ro'yxatga olish ishlarini muvofiqlashtiruvchi ro'yxatga olish uchastkalari mudirlarining, davlat statistika organlari xodimlari tarkibidan supervayzerlar (nazoratchi instruktorlar)ning tayinlanishini ta'minlaydi;
  3. v) joylardagi tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda, ro'yxatga oluvchi xodimlarni o'qitishni, shuningdek, ro'yxatga olish varaqalarini sinov ko'rinishida to'ldirish bo'yicha amaliy mashg'ulotlarni, keyinchalik xatoliklarni tahlil qilish va yuzaga kelgan qiyinchiliklari tushuntirish orqali o'tkazilishini (o'qitish ishlari o'qitilayotgan xodimlarning o'rganilayotgan materialni to'g'ri o'zlashtirganliklari va ro'yxatga olish ishlariga tayyor ekanliklarini sinovdan o'tkazgandan so'ng yakunlanadi) amalga oshiradi;
  4. g) O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

ro'yxatga olish natijalarini qayta ishlash bo'yicha moddiy- texnik vositalarni sotib olish, server uskunalari, ro'yxatga olish varaqalarini mashinada o'qishni ta'minlovchi skanerlar va boshqa ofis texnikalari bilan ta'minlash bo'yicha tenderlar tashkil etish va o'tkazilishini ta'minlaydi; aholini ro'yxatga olish varaqalari ma'lumotlarini kiritish va qayta ishlash bo'yicha avtomatlashtirilgan tizim yaratadi; aholini ro'yxatga olish tadbirlari natijalarini olish bo'yicha dasturiy vositalarni ishlab chiqadi;

  1. d) O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentliklari bilan birgalikda, aholini ro'yxatga olish tadbiri o'tkazilishi haqida aholini xabardor qilish, ro'yxatga olish tadbirlarida faol ishtirok etish bo'yicha aholi o'rtasida targ'ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, shiorlar chiqarish va boshqa shu kabi tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha ishlarni muvofiqlashtiradi.

Bu tadbirga nafaqat statistika organlari xodimlari, balki respublikaning boshqa davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari ham aholini ro'yxatga olish ishlarida bevosita ishtirok etadilar.

Axborot xizmati