13/11/2023

    Mamlakat fuqarolari to'g'risidagi ma'lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma'lumotlar ma'lum vaqt oralig'ida aholini ro'yxatga olish tadbirlari orqali to'planadi. Ular nafaqat respublika, balki Er yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.

         BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning echimi hamda iqtisodiy ko'rsatkichlarning demografik ko'rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o'sib borishini ta'minlash uchun har o'n yilda kamida bir marotaba aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so'ng keng ko'lamda aholini ro'yxatga olish tadbiri o'tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor o'tkazilishi ko'zda tutilgan aholini ro'yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda.

         Mamlakatimizda sinov tariqasida o'tkazilgan aholini ro'yxatga olish tadbirlari, ilk bor o'tkaziladigan ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko'rishning muhim bosqichi hisoblanadi. Mazkur amaliyot uslubiy, texnik va tashkiliy masalalarni qayta ko'rib chiqish imkonini bergani bois, unda qancha ko'p respondentlar (aholi) qatnashsa, shuncha ko'p kamchiliklarni aniqlash va tuzatishga sharoit tug'iladi va respublika darajasida bo'ladigan aholini ro'yxatga olish tadbirining sifatli va samarali o'tkazilishi ta'minlanadi.

         Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat o'zimiz, balki kelajak avlod uchun muhim ma'lumotlarni to'plashga erishamiz. Aholini ro'yxatga olish natijalari mamlakatning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini belgilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qo'llaniladi. Keyingi o'n yillikka mo'ljallangan oilalarni qo'llab-qo'vvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog'chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

         Ro'yxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi ma'lumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va rag'batlantirishga yo'l ochadi. Biznes vakillari ro'yxatga olish ma'lumotlari orqali mehnat hamda iste’mol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, aholi to'g'risida to'planadigan ma'lumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi O'zbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil bo'lib xizmat qiladi.

Xo'sh, respublikamizda aholini ro'yxatga olish bizga nima beradi?

Birinchidan, ma'lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari bo‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bo‘yicha batafsil ma'lumot olinadi.

Ikkinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) ishlatiladi.

Uchinchidan, aholi migratsiyasi to‘g'risidagi ma'lumotlar shakllantiriladi.

To‘rtinchidan, Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot sifatida foydalaniladi.

Beshinchidan, statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda ma'lumotlar bazasi sifatida qo‘llaniladi.

Oltinchidan, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritishda xizmat qiladi.

Ettinchidan, aholi punktlarining infratuzilmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.

Sakkizinchidan, Xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan tahlillar uchun keng qamrovli axborotlar manbai hisoblanadi.

          Bunday ma'lumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi bo‘yicha dasturlarni yaratishda, shuningdek davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan ta'minlash uchun zarurdir.

 Axborot xizmati