Aholini ro‘yxatga olish - umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir, aholi to‘gʻrisidagi ishonchli axborot manbai. Buning natijasida aholi soni, yashash sharoiti, maʼlumoti, taʼlim darajasi, bandligi, yoshi, jinsi, milliy tarkibi, hududlarda joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik masalalar to‘gʻrisida toʻliq maʼlumotlar yigʻiladi. Joriy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvar holatiga mamlakatimiz aholisi soni 36 million 799 ming 728 kishiga shunnan Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisi soni
2 million 2 ming 668 kishiga etdi. Mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi islohotlar inson qadrini ulugʻlash, aholi daromadlarini oshirish va ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan. Lekin xalqaro tajribadan ma'lumki, joriy hisob-kitoblar aholining turmush tarzi, iqtisodiy ahvoli, bandligi, uy-joyi, daromad manbalari va boshqa ijtimoiy yo‘nalishlar haqida aniq xulosa hamda tahlillar qilishga etarlicha imkoniyat bermaydi. Shu kabi jihatlar nazarda tutilgan holda, davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-martdagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘gʻrisida"gi qarori bilan tasdiqlangan "Rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha" "yo‘l xaritasi"da mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olishni 2025-2026 yillarda amalga oshirilishi belgilandi. Qarorga muvofiq, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish va natijalarini e’lon qilish quyidagi tartibda tashkil etiladi. Birinchidan, 2024-2025 yillarda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘riladi. Bunda uning mazmun-mohiyatini ommaga tushuntirish bo‘yicha targ'ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flaer va bukletlar tayyorlanadi. 2021 yilda sinov tariqasida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida tayyorlangan savolnomalar shakllari, "Aholini ro‘yxatga olish" axborot tizimi takomillashtiriladi, "STATA" amaliy dasturiy paketi litsenziyasi xarid qilinib, unda ro‘yxatga olish natijalarini aks ettiruvchi jadvallarning namunalari shakllantiriladi hamda tadbirning tashkiliy rejasi ishlab chiqiladi. Ikkinchidan, 2025-2026 yillarda respublikamizning barcha tuman va shaharlarida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi. Shu o‘rinda qayd etish joiz, butun tadbirni o‘tkazish uchun 800 milliard so‘m (taxminan 63,4 million dollar) mablagʻ talab etiladi. Uchinchidan, 2026-2027 yillarda aholini ro‘yxatga olish natijalari tayyorlanadi va rasman e’lon qilinadi.
Axborot xizmati