23/08/2024

    Dunyodagi har bir mamlakat, o'zining aholisi va uning yashash holati bo'yicha ishonchli ma'lumotga ega bo'lish maqsadida ma'lum bir belgilangan davrlarda aholini ro'yxatga olib boradi. Ko'pchilik mamlakatlarda aholini ro'yxatga olish har besh yoki o'n yilda amalga oshiriladi.

         Hozir jahonning ko'plab rivojlangan davlatlarida aholi o'rtacha har o'n yilda kamida bir marta ro'yxatdan o'tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O'zbekiston hududida ilk bor aholini ro'yxatga olish tadbiri 1897- yilda amalga oshirilgan. Shundan so'ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro'yxatga olingan. Ushbu tadbir so'nggi bor 1989 yilda o'tkazilib, o'sha paytda O'zbekiston Respublikasining aholisi 19,7 million, Qoraqalpog'iston Respublikasining aholisi 1,2 millionni  tashkil etgan.

         Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015- yil 10- iyunda "2020- yilda aholi va uyjoy fondini ro'yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar" rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko'ra, BMTga a'zo davlatlar mazkur 10 yillik raundda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olishni o'tkazishi belgilab qo'yildi. Hozirda MDH mamlakatlarining aksariyatida aholini ro'yxatga olish ishlari yakunlandi.

         O'zbekistonda ham aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Shu maqsadda 2024-yil 4-martdagi PQ-114-sonli Prezident qarori ilovasiga muvofiq O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2025−2026-yillarga mo‘ljallanmoqda.