30/12/2021

“Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonunini ishlab chiqishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Evropa statistiklari konferentsiyasining aholini ro'yxatga olishni o'tkazish bo'yicha asosiy tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanildi. Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Osiyo va Evropa mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Janubiy Koreya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, AQSh, Kanada va boshqa davlatlarning ushbu sohadagi tajribalari o'rganilib, qonun loyihasini ishlab chiqishda foydalanildi.

Qonun beshta bob va o'ttiz bir moddadan iborat bo'lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro'yxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan. Asosiy printsiplardan biri sifatida davriylik printsipi, ya’ni aholini ro'yxatga olish o'n yilda kamida bir marta o'tkazilishi hamda aholini ro'yxatga olishni o'tkazish to'g'risidagi qaror O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo'yilgan. Aholini ro'yxatga olish jarayonida shaxsga doir ma'lumotlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro'yxatga olish varaqlari asosida har bir respondent uchun yakka tartibda to'ldiriladi. Ya’ni ro'yxatga oluvchi shaxslar tomonidan uyma-uy yurib, har bir respondent uchun alohida to'ldiriladi.

Matbuot xizmati