Faqat taxminlarga tayanib ish ko'rgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgo'ylik ma'lum jabhalardagina zarur. Aniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish o'rinsiz. Ayniqsa, hozirgi tez o'zgarib borayotgan zamonda!
Bugun biz so'z yuritmoqchi bo'lgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Ya’ni aholini ro'yxatga olish haqida.
Xo'sh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi yillarda bu haqda juda ko'p gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi ro'yxatga olinmaganmidi?
Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-o'char qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo go'sht, falon litr yog', falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-ne’matlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon a'zolari yoshi, xohishi va ta'bidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yog'sizroq, kimgadir sergo'shtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yo'l tutasiz. O'g'lingiz yo qizingizni biror to'garakka bermoqchisiz? Bu o'rinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!
Endi savol tug'iladi: qanday qilib bu borada to'g'ri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila a'zolaringizning har biri haqida aniq va to'liq ma'lumotlar bazasi bor!
Aholini ro'yxatga olish bilan bog'liq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Taxtako'pirda xonadonlar issiq bo'lishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna ko'mir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Amudaryoda-chi? Chimboyda necha kishi ishsiz? Qo'ng'irotda yana nechta ta'lim muassasasi qurish lozim? To'rtko'lda nechta oila uy-joyga muhtoj? Xo'jaylida qancha tug'uruq yoshidagi ayol bor va mavjud tug'ruqxonalardagi o'rinlar soni ana shu ko'rsatkichga mutanosibmi? Qoraqalpog'istonda chiroq o'chmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Beruniyda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Nukus shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...
Ko'ryapsizmi, aholini ro'yxatga olish, ya’ni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga echim topish mumkin!
Biroq yuzaki va taxminiy ko'rsatkichlar bilan uzoqqa borib bo'lmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi ma'lumotlarning aniq va ishonchliligiga bog'liq.
Dunyodagi har bir mamlakat, o'zining aholisi va uning yashash holati bo'yicha ishonchli ma'lumotga ega bo'lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro'yxatga oladi. Ko'pchilik mamlakatlarda aholini ro'yxatga olish har besh yoki o'n yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning ko'plab rivojlangan davlatlarida aholi o'rtacha har o'n yilda kamida bir marta ro'yxatdan o'tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O'zbekiston hududida ilk bor aholini ro'yxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan so'ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro'yxatga olingan. Ushbu tadbir so'nggi bor 1989 yilda o'tkazilib, o'sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etib, shundan Qoraqalpog'iston Respublikasi aholisi soni 1,2 million kishini tashkil etgan.
Amaldagi joriy hisobga ko'ra, 2023 yilning 1 yanvar holatiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 36 024,9 ming kishini tashkil etib, shundan Qoraqalpog'iston Respublikasi aholisi soni 1 976,3 ming kishini tashkil etadi.
Aholining joriy hisobi bo'yicha mavjud ma'lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma'lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o'ziga xosliklar to'g'risida aniq xulosa va tahlillar qilishga etarlicha imkoniyat bermayapti.
Mamlakatimizda 1989 yildan keyin hali biror marta ham aholini ro'yxatga olish ishlari bajarilmadi. Shu tufayli demografik muammolarimiz qalashib ketdi. Odamlarning haqiqiy hayot tarzini o'rganish va ularga amaliy yordam ko'rsatishda qator qiyinchiliklar vujudga kelmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015 yilning 10 iyunida “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko'ra, BMTga a'zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olishni o'tkazishi belgilab qo'yildi. O'zbekistonda ham! “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasida aholini ro'yxatga olishni o'tkazish konseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida” gi PF-5655 son Farmoni bu borada huquqiy asos bo'lib xizmat qilmoqda.
Axborot xizmati