Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish ishlari keng qamrovli tadbir boʻlib, ketma-ket hamda bir vaqtning oʻzida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin boʻlgan uch bosqichni oʻz ichiga oladi:
Birinchi bosqichda (3 yilgacha boʻlgan muddat) quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni tashkil etish, oʻtkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiri dasturini, aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish, uning natijalarini olish va eʻlon qilishni tashkil etish uslubiyati ishlab chiqiladi;
aholini sinov asosida roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish ishlari olib boriladi;
har bir roʻyxatga oluvchilar oʻz hududi boʻyicha xaritalar bilan taʻminlanadi;
aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish va aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishning tashkiliy rejasi tuziladi;
har bir xonadon raqamlanishi va koʻchalar nomlanishi bo'yicha ishlar amalga oshiriladi;
zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish, uning oʻtkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish orqali tadbir monitoring qilib boriladi;
aholiga aholini roʻyxatga olishning maqsadi va vazifalari axborot-tushuntirish ishlari orqali tanishtiriladi;
roʻyxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlar chop etilib, joylardagi mutaxassislarga etkaziladi;
roʻyxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan taʻminlash ishlari tashkil etiladi;
roʻyxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlar oʻqitilib, ular zaruriy vositalar bilan taʻminlanadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq boshqa ishlar olib boriladi.
Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha boʻlgan davr) bevosita aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish ishlari amalga oshiriladi, yaʻni aholi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish tadbiri materiallari qayta ishlash uchun ixtisoslashgan tuzilmalarga taqdim etiladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha boʻlgan davr) quyidagilar amalga oshiriladi:
aholini roʻyxatga olish tadbirining birlamchi maʻlumotlarini qayta ishlash boʻyicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olinadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiri materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlanadi;
birlamchi maʻlumotlarni kiritish, kodlashtirish va nazorat qilish ishlari amalga oshiriladi;
aholini roʻyxatga olish boʻyicha dastlabki natijalar olinadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiri natijalarini eʻlon qilish va ularni tarqatish ishlari amalga oshiriladi.
Axborot xizmati