Avval xabar qilinganidek, Koreya Statistika boshqarmasi delegatsiyasi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va statistika sohasida tajriba almashish maqsadida amaliy tashrif bilan Statistika agentligida bo‘lib turibdi.
Navbatdagi uchrashuvda tomonlar Koreya Respublikasining “Taraqqiyotga rasmiy yordam” granti doirasida moliyalashtiriladigan “Statistika sohasida kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasini muhokama qilishdi.
Loyihaga ko‘ra, statistika tizimida kadrlar salohiyatini oshirish, integratsiyalashgan maʼmuriy boshqaruv tizimini yaratish, elektron taʼlim tizimini yaratish, mutaxassislarni qayta tayyorlash boʻyicha turli o‘quv kurslar oʻtkazish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Loyiha 2025–2028- yillarda Koreya tomonining grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Koreya statistika boshqarmasi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutiga ham tashrif buyurdi. Bu yerda delegatsiya a’zolari va institut rahbariyati mutaxassislarni qayta tayyorlash, kadrlar salohiyatini oshirish masalalarida fikr-mulohaza almashishdi.
16-noyabr kuni Statistika agentligi rahbariyati va Koreya statistika boshqarmasi delegatsiyasi o‘rtasida yakuniy uchrashuv tashkil etilib, unda missiya yakunlari sarhisob qilindi.
Axborot xizmati