“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasida aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari belgilab berilgan.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davriylik;
umumiylik va bir paytdalik;
ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi;
shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi;
aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.
Davriylik prinsipi.
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sanasi va muddati aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga mo‘ljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi. Birlashgan millatlar tashkilotiga a’zo davlatlarga o’z aholisini o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatga olishni tavsiya qiladi.
Umumiylik va bir paytdalik prinsipi.
Aholini ro‘yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir ma’lumotlarni barcha respondentlardan yig‘ish O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o‘zida amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi prinsipi.
Shaxsga doir ma’lumotlar yig‘ilayotganda ro‘yxatga olish varag‘i har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi. Ya’ni bitta xonadonda olti kishi istiqomat qilsa har bir kishi uchun alohida ro‘yxatga olish varag‘i to’ldiriladi.
Shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi prinsipi.
Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi O‘zbekiston respublikasi qonuni 10-moddasida aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiy bo‘lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi aniq qilib belgilab qo‘yilgan.
Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi prinsipi.
O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish aholini ro‘yxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya’ni respondentlar - aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o‘tilgan.
Shuningdek, Qonunda, aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agenligi tomonidan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini ro‘yxatga olishning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha axborot-targ‘ibot ishlari izchil davom ettirilyapti.
Аholini ro‘yxatga olishning maqsadi va asosiy vazifalari
aholi tarkibidagi global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish;
aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va rejalashtirish;
milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va uning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazish;
aholini ro‘yxatga olish davrlari oralig‘ida aholi soni va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazasini yaratish;
ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
Axborot xizmati