07/03/2024

    Dunyodagi har bir mamlakat, oʻzining aholisi va uning yashash holati boʻyicha ishonchli maʼlumotga ega boʻlish maqsadida maʼlum bir belgilangan davrlarda aholini roʻyxatga olib boradi. Koʻpchilik mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish har besh yoki oʻn yilda amalga oshiriladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yil 10-iyunda "2020-yilda aholi va uyjoy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar" rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga koʻra, BMTga aʼzo davlatlar mazkur 10 yillik raundda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishni oʻtkazishi belgilab qoʻyildi. Hozirda MDH mamlakatlarining aksariyatida aholini roʻyxatga olish ishlari yakunlandi.

Oʻzbekistonda ham aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bunga 2020-yil 16-mart kuni qabul qilingan "Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bu borada huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Bugingi kunda Respublikamizning barcha hududlarida aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi statistika boshqarmasining “Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish” bo‘limi mutaxassislari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlarida mahallaning yangilangan xaritasiga kiritilgan o‘zgartirishlarni joyiga chiqan holda, raqamlangan va raqamlanmagan uylarni, ko‘cha nomi belgilarining mavjudligi hamda mahallada mavjud noturar obyektlarni xarita bilan solishtirish ishlari amalga oshirilmoqta.

Xoʻsh, respublikamizda aholini roʻyxatga olish bizga nima beradi?

Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari boʻyicha), oilaviy ahvoli, maʼlumoti, kasbi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, yashash sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo'yicha batafsil ma'lumot toʻplanadi. Mazkur koʻrsatkichlar orqali aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar hisoblanadi.

Oʻz navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz migratsiyasi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar shakllantiriladi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulugʻlash, aholi daromadlarini oshirish va ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan bir paytda, aholining joriy hisobi boʻyicha mavjud maʼlumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma'lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik oʻziga xosliklar to'g'risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.

Shuning uchun ham Prezidentimizning tegishli Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq respublikamizda aholini roʻyxatga olishga puxta tayyorgarlik koʻrish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Aholini roʻyxatga olishni yana bir jihati bilan muhim. Unga tayyorgarlik koʻrish jarayonlarida hududlarning xaritalari yangilanadi, mahallalarda mavjud nomlanmagan koʻchalar nomlanadi, aholi punktlaridagi aholi yashayotgan turar va noturar joylar roʻyxati tuzib chiqiladi, raqamlanmagan xonadonlar raqamlashtiriladi.

Yanayam aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obektlarini qurish va taʻmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Axborot xizmati