Joriy yilning 21-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan barcha shahar va tumanlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik doirasida o‘quv seminarining amaliy jarayonlari tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi — 2026- yilning 15-yanvaridan 28-fevral oralig‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va ularning mas’uliyatini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan ro‘yxatga olish jarayonida foydalaniladigan elektron planshetlar yordamida ma’lumotlarni to‘plash, so‘rovnomalarni to‘g‘ri to‘ldirish, respondentlar bilan muloqot olib borish tartibi hamda texnik vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mazkur amaliy mashg‘ulot - ro‘yxatga olish ishlarining sifatli va aniq amalga oshirilishini ta’minlash, hamda statistik ma’lumotlarning to‘liqligini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.