15/09/2026

O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish tadbirini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari doirasida hududlarda tushuntirish, targ‘ibot va o‘quv tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasida tizim xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF–190-son Farmoniga muvofiq, joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar mamlakatimizda o‘tkaziladigan biznesni ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlikning muhim jihatlari atroflicha tushuntirildi.

Jumladan, tadbirning mazmun-mohiyati va o‘tkazilish tartibi, biznesni ro‘yxatga olishning maqsad va vazifalari, respondentlarni qamrab olish doirasi, ma’lumotlarni taqdim etish usullari, shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonining o‘ziga xos jihatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Bunday o‘quv seminarlari hududlarda biznesni ro‘yxatga olish tadbirini sifatli va samarali tashkil etish, mas’ul xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda aholiga mazkur jarayonning ahamiyatini keng tushuntirishga xizmat qiladi.