12/03/2024

    Joriy yilning 11-mart kuni Statistika agentligida “International Open Data Day” doirasida “Open Data Day Tashkent – 2024” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

 

“International Open Data Day” doirasida Statistika agentligi xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori,  BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) ekspertlari Richard Tonkin, Erik Diben, Sergey Gusev ishtirokida aholi va yoshlar o’rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, shuningdek, mamlakatimizda ochiq ma’lumotlarni ommalashtirishga bag‘ishlangan “Open Data Day Tashkent - 2024” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Open Data Day – xalqaro ochiq ma’lumotlar kuni (International Open Data Day) tashabbusining bir qismi bo‘lib, u davlat organlari, biznes, notijorat tashkilotlari va jamoat hayotining boshqa ishtirokchilari faoliyatida ochiq ma’lumotlar konsepsiyasi va axborot oshkoraligini amalga oshirishga yordam beradi.

Ochiq ma’lumotlar kuni munosabati bilan butun dunyoda uchrashuvlar, ma’ruzalar va hakatonlar o‘kazilmoqda. 2015-yildan beri Open Knowledge Foundation ochiq ma’lumotlar dunyosidagi boshqa notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda jahon miqyosidagi voqealarni qo‘llab-quvvatlash uchun mini-grantlar taqdim etadi.

Tadbir doirasida ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari "Open Data Day - 2024" tadbiriga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda 2021-2025-yillarda ochiq ma’lumotlarni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari va prinsiplari, ochiq ma’lumotlarning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, ma’lumotlarning ochiqligini metodik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, ma’lumotlarning ochiqligini tashkiliy va axborot-texnologik jihatdan ta’minlash, “O’zbekiston Respublikasida 2021-2025- yillarda ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish konsepsiyasi”ni amalga oshirishdan kutilgan natijalar kabi masalalar muhokama qilindi.