20/03/2024

    O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlarini 2025—2026-yillarda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.  Bu haqda rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha prezident qarori bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”da belgilangan.

Unga ko‘ra, Statistika agentligi 2024-yilda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini tizimli davom ettiradi. Xususan, aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlaydi. 2021-yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtiradi.

Agentlik, shuningdek, xalqaro tajriba va ekspertlarning tavsiyalari asosida “Aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimini takomillashtiradi. STATA amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilib, unda ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirishi lozim.

Aholini ro‘yxatga olishning o‘zi 2025—2026-yillarda o‘tkazilishi, natijalari 2026—2027-yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, agentlik qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil etishi belgilangan. 2027—2028-yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini amalga oshirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash rejalashtirilgan.

 Axborot xizmati