Mamlakat fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʻida aholini roʻyxatga olish tadbirlari orqali toʻplanadi. Ular nafaqat respublika, balki Er yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning echimi hamda iqtisodiy koʻrsatkichlarning demografik koʻrsatkichlar bilan mutanosib ravishda oʻsib borishini taʼminlash uchun har oʻn yilda kamida bir marotaba aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan soʻng keng koʻlamda aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilishi koʻzda tutilgan aholini roʻyxatga olish tadbiriga ayni paytda qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Mamlakatimizda sinov tariqasida oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olish tadbirlari, ilk bor oʻtkaziladigan roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrishning muhim bosqichi hisoblanadi. Mazkur amaliyot uslubiy, texnik va tashkiliy masalalarni qayta koʻrib chiqish imkonini bergani bois, unda qancha koʻp respondentlar (aholi) qatnashsa, shuncha koʻp kamchiliklarni aniqlash va tuzatishga sharoit tugʻiladi va respublika darajasida boʻladigan aholini roʻyxatga olish tadbirining sifatli va samarali oʻtkazilishi taʼminlanadi.
Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat oʻzimiz, balki kelajak avlod uchun muhim maʼlumotlarni toʻplashga erishamiz. Aholini roʻyxatga olish natijalari mamlakatning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini belgilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qoʻllaniladi. Keyingi oʻn yillikka moʻljallangan oilalarni qoʻllab-qoʻvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bogʻchalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.
Roʻyxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi maʼlumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va ragʻbatlantirishga yoʻl ochadi. Biznes vakillari roʻyxatga olish maʼlumotlari orqali mehnat hamda isteʻmol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, aholi toʻgʻrisida toʻplanadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.
Axborot xizmati