Aholini ro‘yxatga olish belgilangan aniq paytda (aholini ro‘yxatga olish sanasi) o‘tkaziladi. Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. Masalan, aholini ro‘yxatga olish sanasi 2023-yil 1-noyabr deb belgilangan bo‘lsa, unda 1-noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, biroq ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi. Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila a’zolari yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan (Internet jahon axborot tarmog‘i orqali va planshet qurilmalari yordamida) hamda axborot xavfsizligi talablarini ta’minlagan holda amalga oshiriladi:
respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) turar joy va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda uyma-uy yurib so‘rov o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatga olish varag‘i shakllari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan planshet qurilmalari yordamida respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi;
aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish davrida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar (respondentlar) to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar mazkur uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi;
yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllarini to‘ldirish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ajratilgan bino yoki xonalarda joylashgan ro‘yxatga olish uchastkalarida statsionar ro‘yxatga oluvchi tomonidan amalga oshiriladi;
respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi;
gapirishi va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish tegishli hudud bo‘yicha nogironlik jamiyatlarining xodimlari yoki ushbu shaxslar bilan muomala qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan shaxslar ko‘magida amalga oshiriladi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varag‘i shakllaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda ro‘yxatga olish uchastkasi doirasida faqat bir usuldan foydalaniladi, aralash usulda (planshet va qog‘oz) ro‘yxatga olishga yo‘l qo‘yilmaydi.