01/11/2024

    2024- yil 30- oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi mutaxassislari va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika bo‘limi (UNSD) o‘rtasida ma’muriy ma’lumotlar bo‘yicha Qo‘shma faoliyat (CAD) doirasida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilari uchun metama’lumotlarni tuzish va yuritish amaliyotini o‘rganish hamda rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilar uchun metama’lumotlar bo‘yicha amaliy qo‘llanma ishlab chiqishga doir maslahatlar berishdan iborat edi.

 

Mazkur uchrashuvda Statistika ishlari tashkiloti va metodologiyasi boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Zokirov, Ochiq ma’lumotlar portalining monitoring va faoliyatni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultonov, xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Noipov rasmiy statistika veb-sayti “https://stat.uz”, Statistika Integratsiyalashgan Axborot Tizimi “https://siat.stat.uz”, Ochiq ma’lumotlar portali hamda Xalqaro Valyuta Fondining Milliy Konsolidatsiyalashgan Ma’lumotlar Sahifasi (r-OSRD) imkoniyatlarini namoyish etishdi.

Eslatib o‘tamiz, oldin BMT Statistika bo‘limi Butan, Chili, Daniya, Dominikan Respublikasi, Italiya, Meksika, Gana va Shvetsiyaning milliy statistika xizmatlari bilan mazkur qo‘llanmani ishlab chiqishda eng dolzarb va ustuvor ehtiyojlarni aniqlash maqsadida maslahatlashuvlar o‘tkazgan edi.

Tomonlar rasmiy statistika masalalarida o‘zaro maslahatlashuv va hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.