05/11/2024

    Joriy yilning 29–31- oktabr kunlari Belgiyaning Bryussel shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YUNЕSЕ), Yevropa erkin savdo uyushmasi (EFTA) hamda Norvegiya Statistika tashkiloti (Statistics Norway) va Shveysariya Federal statistika boshqarmasi hamkorligida Isteʼmol narxlari indeksini hisoblashda muqobil ma’lumot manbaalaridan foydalanish va integratsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

 

Mazkur seminarda bir qator davlatlar va tashkilotlarning Statistika idoralari, jumladan,  Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va BMT Statistika Departamenti ekspertlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Iste’mol narxlari statistikasi bo‘limi boshlig‘i Ismailova Shaxnoza Uktamovna ishtirok etdi.

Seminar davomida Isteʼmol narxlari statistikasi bo‘yicha maʼlumotlarni skanerlash, maʼmuriy maʼlumotlar va web-scraping kabi maʼlumotlarni yig‘ishning yangi usullari muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu yangi texnikalar taqdim etayotgan imkoniyatlar hamda ularni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar ko‘rib chiqildi.

Seminarda taqdimotlar bilan bir qatorda, ishtirokchilarga o‘z g‘oyalarini o‘rtoqlashish va ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida muhokama qilingan tushunchalar ustidan tanqidiy fikr yuritish imkonini beruvchi guruh ishlari ham o‘tkazildi.

Shuningdek, seminar kun tartibidagi masalalar bo‘yicha xalqaro ekspertlar tavsiyalari va ishtirok etuvchi mamlakatlarning narxlar statistikasiga yangi muqobil maʼlumotlarini to‘plash va yuritish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkoniyati yaratildi.