13/11/2024

    Joriy  yilning 12-13-noyabr kunlari Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi bilan hamkorlikda MDH mamlakatlari statistika xizmatlari mutaxassislari ishtirokida milliy hisoblar tizimini yuritish boʻyicha xalqaro anjuman tashkil etmoqda.Tadbirning maqsadi milliy hisoblarni shakllantirish va makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni tuzish boʻyicha ilgʻor tajribalar almashish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir.

 

Anjumanda MDHga a’zo mamlakatlarning statistika idoralari, jumladan, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiz, Rossiya, Tojikiston, va Oʻzbekiston kabi davlatlar hamda MDH Ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etmoqdalar. Mazkur mamlakatlarning milliy statistika vakillari iqtisodiy statistika, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, hisob-kitoblarni tuzish va xalqaro tajribalarni qoʻllash masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashmoqda. Bundan tashqari, MDH davlatlari oʻrtasida axborot almashinuvini kuchaytirish, milliy hisoblarni shakllantirish usullarini birlashtirish hamda bu boradagi standart va metodologiyalarni takomillashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Anjuman ikki kun davomida turli mavzularga bag‘ishlangan sessiyalarni o‘z ichiga oladi. Birinchi kun dasturida MDH davlatlari statistika xizmatlari rahbarlari o‘z mamlakatlaridagi milliy hisoblar tizimining joriy holati, mavjud yutuqlar va muammolar haqida ma’lumot beradilar. Tadbirning ikkinchi kunida esa ishtirokchilar milliy hisoblar tizimida yangi texnologiyalarni qo‘llash, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni aniqlashda kutilayotgan o‘zgarishlar va xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar. Shuningdek, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni shakllantirishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar va ularni hal etish bo‘yicha yangicha yondashuvlarni taqdim etishadi.

Yigʻilish davomida davlatlar vakillari tomonidan milliy hisoblar va makroiqtisodiy koʻrsatkichlar sohasida erishilgan yutuqlar va muammolar toʻgʻrisida taqdimotlar namoyish etilmoqda. Tadbir onlayn va oflayn formatda oʻtkazilayotgani sababli, bir necha mamlakatlar vakillari masofadan turib ishtirok etishmoqda. Shuningdek, xalqaro statistik hamjamiyatdan taklif qilingan ekspertlar, jumladan, MDH Statistika qoʻmitasi mutaxassislari, mazkur masalalar boʻyicha oʻz bilim va tajribalarini ulashmoqdalar.

Anjuman doirasida O‘zbekiston vakillari ham o‘z tajribalarini namoyish etib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda milliy hisoblar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro standartlarga mos keluvchi metodologiyalarni tatbiq etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida axborot berishmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) hisob-kitoblari “MHT – 2008” xalqaro standarti talablari asosida davlat moliyasi statistikasi va toʻlov balansi maʼlumotlariga muvofiq holda amalga oshirilib, natijalar Statistika agentligining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib borilmoqda. YAIMni choraklar asosida hisoblash amaliyotining joriy etilishi natijasida choraklik milliy hisoblar takomillashtirildi. Shuningdek, korxonalar xarajatlari tarkibini kuzatish natijalari asosida ishlab chiqarish koeffitsiyentlari yangilab borilib, “Resurslar va ishlatilish” jadvallarini tuzish amaliyoti rivojlantirildi.

Qayd etish lozimki, mazkur yilda O‘zbekistonda ilk bor yashirin iqtisodiyot baholandi. Mazkur jarayon davomida mamlakatimizdagi 165 ta tumanda 7 mingdan ziyod uy xoʻjaliklari oʻrtasida maxsus tanlanma statistik kuzatuvlar oʻtkazildi. Ushbu kuzatuvlar mobaynida transport, yashash va ovqatlanish, madaniyat, taʼlim hamda sogʻliqni saqlash sohalaridagi xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻildi.

Ushbu anjuman O‘zbekiston Respublikasi va boshqa MDH davlatlari statistika xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, milliy hisoblar tizimini yanada rivojlantirish borasida yangi imkoniyatlarni o‘rganish uchun zamin yaratadi. Anjumanda qatnashchilar milliy hisoblar tizimi ko‘rsatkichlarini yanada takomillashtirish, xalqaro tajribani o‘rganish va ularni o‘z amaliyotlarida qo‘llash borasida bir qator qarorlar qabul qilishlari kutilmoqda.

Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan o‘zaro fikr almashish orqali, MDH mamlakatlarida statistika xizmatlarini yanada takomillashtirish va milliy hisoblar tizimini rivojlantirishga oid umumiy yondashuvlarni belgilab oladilar. Tadbir doirasida mamlakatlar o‘rtasidagi statistik hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni qo‘llash hamda xalqaro standartlarga mos keluvchi metodologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha qator amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Mazkur yig‘ilish, shuningdek, MDH davlatlari statistika idoralari o‘rtasida kuchli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, axborot almashinuvini yaxshilash va statistik ma’lumotlarni yaratish jarayonlarini optimallashtirishga salmoqli hissa qo‘shadi. Ushbu kelishuvlar natijasida MDH mamlakatlari statistika tizimlari yanada ishonchli va sifatli ma’lumotlar bilan ta’minlanishi kutilmoqda. Bu esa milliy iqtisodiyotlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.