Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir shaxs yoki sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat - korrupsiya va uning bir ko‘rinishi bo‘lgan poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum. So‘nggi yillarda yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat kurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
BMTning xalqaro miqyosda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ma’lumotida korrupsiya tushunchasiga quyidagicha ta’rif berib o‘tiladi: "Korrupsiya - bu shaxsiy maqsadlarda naf ko‘rish uchun davlat hokimiyatini suiiste’mol qilish".
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, "Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali yechish ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi"1
«Korrupsiya» lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, «yemirilish», «sotilish». «og‘machi» kabi ma’nolarni anglatadi. Korrupsiya mansabdor shaxsning o‘z mavke va vakolatlaridan, unga ishonib topshirilgan huquqlardan foydalanib, o‘z manfaatlarini ko‘zlab, axloq va odob qoidalarini buzgan holda amalga oshirgan jinoiy harakatlari yig‘indisidir. Korrupsiyaga katta huquq berib qo‘yilgan har qanday hokimiyat mansabdor shaxslari - sudyalar, deputatlar, mas’ul shaxslar, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari aralashishi mumkin.
Korrupsiya illati demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, erkin bozor faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik va boshqa salbiy hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Uning ijtimoiy xavfi haqida ko‘plab mutaxassislar tomonidan fikrlar bildirilgan. Ularni umumlashtirib xulosa qilganimizda, korrupsiya - davlat boshqaruvini izdan chiqaradigan, jamiyatga qarshi hodisadir. Bu hokimiyatning parchalanishi, mahalliy va davlat organi xodimlari o‘zlarining shaxsiy mavqei va vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar uchun ataylab foydalanishi yoki uchinchi shaxslar guruhini boyitishida ifodalanadi. Shuningdek, korrupsiya shaxslarning o‘z shaxsiy manfaatlarini xudbinlarcha boshqalar manfaatlaridan ustun qo‘yish hisobiga jamiyat va davlatga xavf tug‘diradigan bir vaqtning o‘zida ham iqtisodiy, ham axloqiy fenomen sifatida namoyon bo‘ladi.
Mamlakatda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda hamda "Korrupsiyasiz soha" loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalardan maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, eng yuqori darajada qulay bo‘lgan ishbilarmonlik muhitini yaratish va mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘-e’tiborini oshirishga qaratilgan.
Mamlakatimizda 2017-yil 3-yanvarda "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning qabul qilinishi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida belgilangan talablar bajarilganligidan dalolat beradi.
Jumladan, har bir a’zo davlat korrupsiyaga qarshi kurashish borasida halollik va sodiqlik, oshkoralik va mas’uliyatlilik tamoyillarini aks ettiradigan samarali siyosatni olib borishi va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali amaliyot turlarini belgilash va rag‘batlantirishga harakat qilishi kerak.