01/08/2025

Aholini ro‘yxatga olish – har bir davlatda ijtimoiy va iqtisodiy rejalashtirishda muhim o‘rin tutadigan milliy ahamiyatga ega jarayondir. O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi — mamlakat aholisi tarkibining hozirgi holati va rivojlanish dinamikasi haqida xolis va ishonchli ma’lumot olish orqali davlatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirishga xizmat qilishdir.

Aholini ro‘yxatga olish orqali quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish mumkin:

Demografik o‘zgarishlarni baholash: Ro‘yxatga olish orqali aholining yosh-tarkibiy, jinsiy, milliy, ta’lim darajasi kabi ko‘rsatkichlari aniqlanadi. Bu ma’lumotlar aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalarning turmush sharoitlarini yaxshilash hamda oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish choralarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish: Shaharlar va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslaridan samarali foydalanish va ularni to‘g‘ri joylashtirish borasidagi qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar ro‘yxatga olish natijalariga tayanilgan holda tayyorlanadi.

Hisob-kitob va prognozlash: Ro‘yxatga olishlar orasidagi davrda aholi soni va tarkibi bo‘yicha aniq va muntazam hisob-kitoblar hamda kelgusidagi aholi o‘sishiga doir prognozlar tuziladi.

Ilmiy tadqiqotlar uchun ma’lumot bazasi: Ro‘yxatga olish natijalari ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishda asosiy manba vazifasini o‘taydi.

Ro‘yxatga olish samarali va ishonchli bo‘lishi uchun bir qator prinsiplarga amal qilinadi:

Davriylik: Aholini ro‘yxatga olish muayyan vaqt oralig‘ida doimiy ravishda o‘tkaziladi. Bu demografik jarayonlarni kuzatib borish va solishtirish imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasida  Aholini ro‘yxatga olish har o‘n yilda kamida bir marta o‘tkaziladi

Umumiylik va bir paytdalik: Ro‘yxatga olish mamlakatning butun hududida yoki uning muayyan hududlaridagi barcha shaxslarni bir vaqtning o‘zida qamrab oladi. Bu ma’lumotlarning yaxlit va xolis bo‘lishini ta’minlaydi.

Ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi: Har bir shaxs alohida so‘rovnomaga kiritiladi, bu ma’lumotlarning aniqligini oshiradi.

Shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi: Aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiy bo‘lib qonun bilan muhofaza qilinadi va faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.

Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi: Ro‘yxatga olish jarayoni yagona markaz tomonidan boshqariladi, bu uning samaradorligi va bir xil uslubda o‘tkazilishini kafolatlaydi.

Aholini ro‘yxatga olish nafaqat demografik holatni baholash, balki mamlakatning barcha jabhalardagi taraqqiyotini rejalashtirish uchun asosiy statistik asos hisoblanadi. Shu boisdan, har bir fuqaro ushbu jarayonda faol ishtirok etishi va o‘z ma’lumotlarini aniq taqdim etishi orqali mamlakat rivojiga hissa qo‘shadi.