O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF–173-sonli “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov boshchiligida Respublika miqyosida tashkil etilgan komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasidan biriktirilgan komissiya rahbari suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamroyev va komissiya a’zolari, respublika komissiya a’zolari, ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida aholining demografik holati, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, yashash darajasi va farovonligi, shuningdek qishloq xo‘jaligining hozirgi ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniq va ishonchli tarzda shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, ro‘yxatga olish jarayoni orqali aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash istiqbollarini tahlil qilish va baholash uchun zarur bo‘lgan axborot bazasini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Majlisda Farmon ijrosini samarali ta’minlash maqsadida hududlarda tashkil etilgan shtablarning asosiy vazifalari, bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar, amalga oshiriladigan tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi. Shuningdek, ro‘yxatga olish ishlarida qatnashuvchi xodimlarning malakasini oshirish, aholiga mazkur jarayonning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot-tashfiqot ishlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Majlis yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov soha mutasaddilariga aniq vazifalar yuklab, ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.







