09/12/2025

Joriy yilning 9-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasida tizim xodimlari ishtirokida “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi — jamoatchilik va xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarbligini oshirish, korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan zararini tushuntirish hamda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat boshqaruvi tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarini himoya qilish mexanizmlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning turlari va ular uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralarining muqarrarligi, ushbu jarayonda jamoatchilik nazoratining ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga ushbu sana va uning mazmun-mohiyati yana bir bor eslatilib, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va professional burchi ekanligi qayd etildi.

Ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ularni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar hamda tegishli javoblarni oldilar.