27/07/2022

    Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 1-iyulidan eʼtiboran respublikamizning barcha hududlari (shahar va tumanlari)da aholini roʻyxatga olish boʻlimlari tashkil etildi. 2023-yilda mamlakatimizda oʻtkaziladigan roʻyxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish uchun  oʻz hududlari miqyosida  bevosita masʼul  etib belgilangan mazkur boʻlimlarning boshliqlari va oʻrinbosarlari uchun hududuiy statistika boshqarmalari tomonidan roʻyxatga olish ishlariga tayyorgarlikni tashkil etishga bagʻishlangan oʻquv seminarlari onlayn va offlayn formatlarda oʻtkazib kelinmoqda.

Davlat statistika qoʻmitasi Roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish boshqarmasi masʼul xodimi Q.Saparov tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasida uy-joylar roʻyxatini tuzish uchun jalb qilinadigan xodimlar (registratorlar)ni maxsus oʻqitishni tashkil etish masalalariga bagʻishlangan seminar tashkil qilindi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasining  shahar va tumanlarining Roʻyxatga olish boʻlimlarining boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirok etib, ularga registratorlarni tanlab olishdan tortib, ularga bajaradigan vazifasi yuzasidan nazariy va amaliy koʻnikmalarni tushuntirishgacha boʻlgan jarayonning barcha jihatlari tushuntirildi.

Xususan, hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlikning eng asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu vazifaning toʻliq va sifatli bajarilishi, oʻz navbatida, roʻyxatga olish ishlarining samarali boʻlishiga zamin yaratadi. Oʻquv-seminar davomida uy-joy roʻyxatini tuzuvchilarni ish jarayoniga puxta tayyorgarlik koʻrishlarida roʻyxatga olish boʻlimlarining masʼuliyati va vazifalari alohida taʼkidlandi.

Axborot xizmati