Joriy yilning 5 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasida Boshqarma, shahar, tuman statistika bo‘limlarining barcha xodimari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi. O‘quv-seminarda Boshqarma bosh yuriskonsulti tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksining 215-moddasida belgilangan davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzishi, hisobot ma’lumotlarini buzib ko‘rsatishi yoki hisobotlarni taqdim etish muddatlarini buzish holatlarida qanday tartibda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilishi haqida aytildi.
Shuning bilan birga, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga o‘tkazish uchun statistik organ tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 271-moddasiga asosan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan mazkur subyektlarga yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun o‘ttiz kunlik muddat (Ko‘rsatma xat) berilishi lozim ekanligi belgilanganligi haqida tushuntirdi.
Kun tartibidagi ikkinchi mavzu O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonuni haqida to‘xtalib, mazkur Qonunning 27-moddasiga ko‘ra rasmiy statistikani tayyorlovchilar tasarrufidagi mavjud individual ma’lumotlardan faqat statistika maqsadlarida, jamlanma statistika ma’lumotlarini shakllantirish uchun foydalanilishi, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan xalqaro tashkilotlar tomonidan individual ma’lumotlardan tergov, nazorat qilish, sud muhokamasi, ma’muriy qarorlar qabul qilish maqsadida yoki jismoniy va yuridik shaxslarga yoki uy xo‘jaliklariga taalluqli boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas ekanligi haqida tushuntirildi. Seminar soʻnggida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Axborot xizmati