Aholini ro'yxatga olish — O'zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o'tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma'lumotlarni yig'ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;
aholini ro'yxatga olish sanasi — aholi to'g'risidagi ma'lumotlarni yig'ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);
respondentlar — aholini ro'yxatga olish sanasida O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro'yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari;
ro'yxatga olish varag'i — ko'rsatilgan savollar bo'yicha shaxsga doir ma'lumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;
ro'yxatga olish hujjatlari — aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;
ro'yxatga oluvchi xodimlar — O'zbekiston Respublikasining aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rishga va uni o'tkazishga jalb etilgan, maxsus o'quvdan o'tgan voyaga etgan fuqarolari;
uy xo'jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o'zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta'minlaydigan, umumiy xo'jalik yuritadigan, pul mablag'larini to'liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig'indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo'lishi yoki bo'lmasligi mumkin. Uy xo'jaligi bitta shaxsdan iborat bo'lishi mumkin.
Aholini ro'yxatga olishning asosiy maqsadi
Aholini ro'yxatga olishning asosiy maqsadi O'zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo'lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Aholini ro'yxatga olishning asosiy vazifalari
Aholini ro'yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholining sog'lig'ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko'rsatish bo'yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o'zgarishlarni baholashga doir ma'lumotlar bazasini kengaytirish;
shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o'rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
aholini ro'yxatga olishlar oralig'idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish.
Aholini ro'yxatga olishning asosiy printsiplari
Aholini ro'yxatga olishning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:
-davriylik;
-umumiylik va bir paytdalik;
-ro'yxatga olishning yakka tartibdaligi;
-shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi;
-aholini ro'yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.
Davriylik printsipi
Aholini ro'yxatga olish o'n yilda kamida bir marta o'tkaziladi.
Aholini ro'yxatga olishni o'tkazish to'g'risidagi qaror sanasi va muddati ko'rsatilgan holda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Aholini ro'yxatga olishni o'tkazish to'g'risidagi taklif O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, ro'yxatga olishni o'tkazish mo'ljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi.
Umumiylik va bir paytdalik printsipi
Aholini ro'yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir ma'lumotlarni barcha respondentlardan yig'ish O'zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o'zida amalga oshiriladi.
Ro'yxatga olishning yakka tartibdaligi printsipi
Shaxsga doir ma'lumotlar yig'ilayotganda ro'yxatga olish varag'i har bir respondent uchun yakka tartibda to'ldiriladi.
Shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi printsipi
Aholini ro'yxatga olishning shaxsga doir ma'lumotlari maxfiy bo'lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.
Aholini ro'yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi printsipi
O'zbekiston Respublikasi bo'yicha aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish aholini ro'yxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Aholini ro'yxatga olishni o'tkazish
Shaxsga doir ma'lumotlarni yig'ish amalga oshiriladigan savollar ro'yxati Aholini ro'yxatga olish dasturidir.
Aholini ro'yxatga olish dasturi quyidagi savollarni o'z ichiga oladi:
familiyasi, ismi, otasining ismi;
tug'ilgan sanasi va joyi;
yoshi;
jinsi;
millati;
fuqaroligi;
yashash joyi (turgan joyi);
tillarni bilishi;
ma'lumoti;
nikoh holati;
bolalarining soni;
uy xo'jaligi tarkibi;
uy-joy sharoitlari;
bandligi;
yashash uchun mablag'lar manbalari;
migratsiya (ichki va tashqi).
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini ro'yxatga olish dasturiga qo'shimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin.
Javoblari davlat sirlariga va qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirga taalluqli axborotni o'z ichiga olishi mumkin bo'lgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi savollar kiritilishiga yo'l qo'yilmaydi.
Ro'yxatga olish varag'ining shakllari Aholini ro'yxatga olish dasturi asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Axborot xizmati