28–29-noyabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida Rossiya statistika assotsiatsiyasi, MDH Statistika qoʻmitasi, Milliy tadqiqot universitetining Iqtisodiyot oliy maktabi tomonidan xalqaro konferensiya tashkil etildi.
“MDH va Rossiya Federatsiyasi aholisi turmush darajasi oʻzgarishining uzoq muddatli trendlari” mavzusida oʻtkazilgan mazkur xalqaro konferensiyada MDH davlatlarining statistika idoralari vakillari, MDH Statistika qoʻmitasi xodimlari hamda taʼlim tizimi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Mamlakatimizdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Turayev Botir Eshboyevich hamda Statistika agentligi Axborot xizmati rahbari – direktorning matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Abdurasulov Usmon Rustamovich qatnashdi.
Mutaxassislar konferensiya davomida arxiv va boshqa statistik maʼlumotlarni oʻrganish, MDH davlatlarining statistika idoralari oʻrtasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarida fikr-mulohaza almashdilar.
Konferensiyada shuningdek, statistika sohasini rivojlantirish boʻyicha xorij tajribalarini oʻzlashtirish, tizimda nazariy va amaliy bilimlar koʻlamini kengaytirish, statistika faoliyatida ilgʻor metodikalardan unumli foydalanish borasida maʼlumotlar berildi.
Axborot xizmati