2024- yil 11–13- sentabr kunlari Statistika agentligi delegatsiyasi Serbiyaning Belgrad shahrida Sharqiy mintaqa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Yevropa qo‘shnichilik siyosatining “Yangi ma’lumotlar ekotizimida statistik yetakchilik: maʼlumotlar egalari, boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilari va foydalanuvchilar bilan munosabatlarni qurish, boshqarish va rivojlantirish” mavzusidagi yuqori darajadagi seminarida ishtirok etdi.
Seminar davomida statistik faoliyatni takomillashtirishning quyidagi muhim masalalari muhokama qilindi:
Yevropa Ittifoqining statistika tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar, jumladan, Yevropa statistikasi bo‘yicha amaliyot kodeksi qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar;
milliy statistika tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini baholash bo‘yicha ilg‘or tajribalar;
ma’muriy va shaxsiy ma’lumotlar egalari bilan munosabatlarni, rasmiy statistika foydalanuvchilari bilan munosabatlarni boshqarish, shuningdek, samarali statistik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Seminar davomida ishtirokchi mamlakatlar statistika faoliyatini, jumladan, qonunchilik asoslarini takomillashtirish, xalqaro statistika hamjamiyati va boshqa davlatlarning milliy statistika idoralari, shuningdek, boshqa statistika maʼlumotlarini ishlab chiqaruvchilar va statistika maʼlumotlaridan foydalanuvchilar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasidagi yutuqlari bilan oʻrtoqlashishdi.
Statistika agentligi delegatsiyasi seminar ishtirokchilarini Yangi O‘zbekistonning ma’muriy islohotlari doirasida statistika sohasidagi so‘nggi yangiliklar, erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar bilan tanishtirishdi.
O‘zbekistonda zamonaviy talablarga javob beradigan ilg‘or milliy statistika tizimini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar seminar ishtirokchilari hamda BMT YeIK, Yevrostat, Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi (YESA) kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholandi.
Axborot xizmati