Joriy yilning 11-14-noyabr kunlari Buyuk Britaniya milliy statistika ofisi taklifiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya London shahriga rasmiy tashrif bilan bordi.
Uchrashuvlar London shahrida joylashgan Buyuk Britaniya milliy statistika Bosh ofisida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvlar doirasida quyidagi dolzarb mavzular boʻyicha Buyuk Britaniya milliy statistika ofisi (ONS)ning ilgʻor tajribalari oʻrganildi:
- statistika faoliyatida maʼlumotlarni olish, ular bilan ishlash, saqlash va tarqatish boʻyicha qonunchilik asoslari, milliy amaliyot, mavjud muammo va kamchiliklar va ularning yechimi boʻyicha Buyuk Britaniya tajribasi;
- faoliyatda maʼmuriy maʼlumotlardan samarali foydalanishni taʼminlashdagi oʻziga xos jihatlar, boshqa idoralar bilan integratsiya masalalari, toʻsiqlar, muammolar va yechimlar;
- statistik registrlarni (korxona va tashkilotlar, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va hk.) shakllantirish va yuritish boʻyicha Buyuk Britaniya tajribasi;
- savdo statistikasini yuritishning oʻziga xos jihatlari;
- zamonaviy raqamli texnologiyalardan amaliyotda foydalanish, Buyuk Britaniya milliy statistika tizimi faoliyatini raqamlashtirish borasida erishilgan natijalar;
- roʻyxatga olish (aholi, qishloq hoʻjaligi, biznes) tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Buyuk Britaniyaning oʻziga xos tajribasi;
- Buyuk Britaniya milliy statistika ofisida autsorsing imkoniyatlaridan keng foydalanish va boshqa masalalar.
Tashrif doirasida Buyuk Britaniya milliy statistika ofisining boshqa idoralar oʻrtasida oʻzaro axborotlar bilan almashinuv jarayonlari joyiga chiqqan holda yaqindan tanishildi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya milliy statistika ofisi rahbari va jamoasi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda “Oʻzbekistonda milliy statistika tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar: erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar” хususida taqdimot qilindi. Shuningdek, tizim faoliyatini raqamlashtirish, statistika jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, roʻyxatga olish tadbirlariga puxta tayyorgarlik koʻrish va kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar хususida maʼlumot berib oʻtildi.
Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, jumladan ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, faoliyatni, sifatni boshqarishning ilgʻor tizimlari asosida yoʻlga qoʻyish, statistik jarayonlarni soʻnggi xalqaro statistika uslubiyotlariga mos ravishda amalga oshirish borasida erishilgan natijalar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va gender statistikasini yuritish borasida, “Ochiq maʼlumotlar xatlovi” (ODIN) baholashlarida qayd etilgan yutuqlar hamda Statistika agentligi tizimi faoliyati va statistika maʼlumotlari sifat mezonlariga mos kelishi yuzasidan milliy va xalqaro ISO-9001 sertifikatini qoʻlga kiritganligi haqida maʼlumot berib oʻtildi.
Mazkur xizmat safari orqali oʻrganilgan tajribalar asosida roʻyxatga olish jarayonlarida zamonaviy raqamli texnologiyalarini joriy etish, sunʼiy intellekt (ChatbotAI) va katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash texnologiyalarini (BigData) e-Stat-4.0 axborot tizimiga joriy etish natijasida respondentlar hisobot toʻldirish jarayonlarida yuzaga keladigan savollarga sunʼiy intellekt orqali javob olish imkoniyatlarini joriy etish va boshqa tarmoqlar statistikasi metodologiyasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.