05/12/2024

    Korrupsiya — jamiyat va uning rivojlanishiga bolta uradigan eng og‘riqli illatlardan hisoblanadi.  Ushbu muammo odamlar orasida ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.

Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin. Oxirgi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, bu borada alohida agentlikning tashkil etilishi, davlat xaridlari, tenderlar, yuzlab davlat xizmatlarining elektron va shaffof shaklga o‘tkazilishi o‘z samarasini berayotir. Prezidentimiz tomonidan korrupsiya masalasiga alohida e’tibor qaratilib, jamiyatimizda o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotgan korrupsiya illatini oldini olish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Davlatimiz rahbari aytganidek, bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi.