2024-yilning 3-4-dekabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani mintaqalari uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi tomonidan Tailandning Bangkok shahrida Shimoliy va Markaziy Osiyoda migratsiyaga oid dalillar bazasini mustahkamlash bo‘yicha ekspertlar guruhining yig‘ilishi tashkil etildi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va Rossiya Federatsiyasining mavzuga aloqador tashkilotlari, statistika idoralari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani mintaqalari uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), Xalqaro migratsiya tashkiloti, MDH Statistika idorasi vakillari hamda boshqa ekspertlar qatnashib, kun tartibidagi masalalarni muhokama qildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Demografiya, mehnat va gender statistikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - Abrayev Sherzod Xurromovich ishtirok etdi.
Yig‘ilish ESKATO tomonidan amalga oshirilayotgan “Shimoliy va Markaziy Osiyo hududlarida xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiya bo‘yicha Global kelishuvni amalga oshirish uchun dalillarga asoslangan siyosat ishlab chiqishda milliy salohiyatni kuchaytirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unda Shimoliy va Markaziy Osiyodagi migratsiya bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ya’ni migratsiya siyosati, migratsiyaning gender jihatlari, migrantlar integratsiyasi, pul o‘tkazmalari hamda pul o‘tkazmalari uchun xarajatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning natijalari namoyish qilindi.
Shuningdek, tadbirda har bir ishtirokchi o‘z mamlakatidagi migratsiya holatining statistik hisobini yuritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar hamda kelgusida amalga oshirilishi belgilangan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.