13/12/2024

    Joriy yilning 12- dekabr kuni Statistika agentligi bilan birga “Oʻzbekistonda statistika tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasida Jahon banki vakillari o‘rtasida masofaviy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

 

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Ziyayev Zoxidjon Muratovich boshchiligidagi Markaziy apparat xodimlari hamda Jahon banki ishchi guruhi aʼzolari Obert Pimxitzay, Ikuko Uochi va loyihani boshqarish guruhi asosiy mutaxassislari qatnashdi.

Missiyaning maqsadi “Oʻzbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida faoliyati samaradorligini oshirish, statistik maʼlumotlarni ishlab chiqarish jarayonlarini va tarqatish amaliyotini takomillashtirishdan iborat.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi PQ- 4796-sonli qaroriga muvofiq, Jahon banki ekspertlari koʻmagida ishlab chiqilgan “2020–2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy  strategiyasi” tasdiqlangan edi.

Unga muvofiq, "Institutsional islohotlar va salohiyatni oshirish", "Statistika maʻlumotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish", "Jihozlarni yangilash, statistika maʻlumotlarini tarqatish amaliyotini takomillashtirish" kabi masalalar hamkorlikning dolzab vazifalari sifatida belgilangan edi. Shu bois, uchrashuvda ana shu masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va keyingi vazifalar muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham koʻrib chiqildi. Muzokaralar yakunida tomonlar mazkur loyiha doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.