Joriy yilning 18- dekabr kuni Statistika agentligida AQSh Savdo vazirligining Biznes huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) asosida tashkil etilgan ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ekspertlar guruhi yig‘ilishi natijalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur seminar joriy yilning 12-dekabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan edi. Seminar AQSh Savdo vazirligi tomonidan tashkil etilib, mavzuga aloqador davlat va nodavlat tashkilotlar, jumladan AQSh, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlat statistika organlari vakillari, shuningdek AQSh Savdo vazirligining Savdo huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) doirasida Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa va Pokiston bo‘yicha vakili, Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili, AQSh aholini ro'yxatga olish byurosining Xalqaro dasturlar markazida texnik yordam va salohiyatni oshirish kabi tashkilotlar vakillari, va xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.
Seminarning asosiy maqsadi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ishchi guruhi ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tajribalari xususan, maʼmuriy maʼlumotlardan foydalanish bo‘yicha innovatsion amaliyotlari, kuzatilayotgan muammolar va ularning yechimlarini o‘rganishdan iborat edi.
Taqdimot mobaynida Demografiya, mehnat va gender statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Zoyir Yuldoshev tomonidan seminar davomida o‘rganilgan ma’lumotlar, jumladan, korxonalar uchun gender bo‘yicha ajratilgan ma’lumotlarni olish imkoniyatlari va uning xalqaro savdoga ta’siri, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog’liq gender bo‘yicha ajratilgan ma’lumotlarning hozirgi holati va ularning sifatli shaklantirish, Markaziy Osiyoda gender bo‘yicha ajratilgan ma’lumotlarning hozirgi holati haqida mulohazalar va shu bilan birga ushbu sohada kerakli yonalishlarni belgilab olish, ayollar mehnatini o‘lchash bo'yicha egallangan yangi bilim va tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.