Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari nimalardan iborat.
- aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;
- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
- aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishdir.
Aholini ro‘yxatga olish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi.
Hozirgi kunda ushbu tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Masalan: Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida aholini xabardor qilish maqsadida Respublikamizning barcha hududlarida mahalliy televideniyeda va radioda chiqishlar qilib kelinmoqda, gazeta va jurnallarda maqolalar chop etilmoqda, mahallalarda, umumta’lim maktablarida va oliy ta’lim muassasalarida muntazam ravishda davra suhbatlari va seminarlar tashkil etib kelinmoqda.
Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (aholining demografik holati, jinsi, millati, yoshi, ma’lumoti) yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi.
So‘nggi uchinchi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar e’lon qilinadi.