Joriy yilning 10-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasida boshqarma rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari hamda tizim xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i V.To‘xtayev tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining samaradorligini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasida o’tkazilgan o‘rganish yuzsidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish hamda manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga doir normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i V.To‘xtayev tomonidan korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xodimlarning huquqiy madaniyati va mas’uliyatini oshirish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni yanada kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha profilaktik choralarni kuchaytirish, davlat xaridlari va moliyaviy faoliyatda qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etish yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli vazifalar belgilab olindi.
Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.





