Hozirgi globallashuv, mintaqa va davlatlararo integratsiya jarayonlari jadallashib borayotgan murakkab bir sharoitda korrupsiya chegara bilmas muammoga aylanyapti.
Aytish lozimki, korrupsiya keltirib chiqarayotgan oqibatlar jamiyatni ich-ichidan yemirib, demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining qo'pol ravishda buzilishiga olib keladi, iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqaradi, jamiyat va davlat uchun o'ta xavfli bo'lgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib beradi, fuqarolarning haqli e'tirozi ortib boradi.
Mavjud statistik ma'lumotlarga ko'ra, dunyo davlatlarida jamiyat rivojiga g'ov bo'layotgan korrupsiyaga qarshi kurashishni ta'minlashga qaratilgan bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Jumladan:
- Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloqiy kodeksi (Nyu-York, 1996-yil 12-dekabr):
- Korrupsiya bo'yicha jinoiy javobgarlik konvensiyasi (Strasburg, 1999-yil 27-yanvar);
- Korrupsiya bo'yicha fuqaroviy-huquqiy javobgarlik konvensiyasi (Strasburg, 1999-yil 4-noyabr) va mazkur Konvensiyaga qo'shimcha protokol (Strasburg, 2003-yil 15-may);
- BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (2003-yil 31-oktabr) Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab 9-dekabr - Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
O'zbekistonning 2008-yili BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga, 2010-yili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha Istanbul harakat rejasiga qo'shilishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini yaratishda muhim qadam bo'ldi. Dastavval korrupsiyaning oldini olish bilan bog'liq qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan Byudjet kodeksi, "Huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risida", "Ijtimoly sheriklik to'g'risida", "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida", "Tezkor-qidiruv faoliyati to'g'risida", "Elektron hukumat to'g'risida" va "Parlament nazorati to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilindi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017-yil yanvarda "Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.
Huquqbuzarliklar profilaktikaning asosiy vazifasi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarlikarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan sharoitiarni aniqlash, o'rganish va bartaraf etish chora-tadbirlarini ko'rishdan iborat.
Mamlakatimiz kelajagi, xalqimiz faravonligi, yurtning rivoji va gullab-yashnashini, obod bo'lishini istagan har bir fuqaro pora olish va pora berish illatidan xalos bo'lishi lozim. Shuningdek, jamiyatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish nafaqat davlat organlarining, balki shu jamiyatning a'zosi hisoblangan har bir insonning vazifasidir.
Axborot xizmati