O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026-yilning 15-iyulidan 21-avgustiga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi tegishli farmon loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida eʼlon qilindi.
Farmon loyihasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika va hududiy komissiyalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Respublika komissiyasining asosiy vazifalari ham belgilangan.
Statistika agentligi aholini ro‘yxatga olishni planshet qurilmalari yordamida o‘tkazish uchun 2024–2026-yillarda zarur texnik va dasturiy vositalarni xarid qiladi.
Aholini ro‘yxatga olishda “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida”gi qonun hamda shu sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga qatʼiy rioya etiladi va respondentlardan olingan maʼlumotlar sir saqlanadi.
Kadastr agentligi 2025-yil 1-iyulga qadar aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazadi.
Oliy Majlis palatalariga 2025-yil 1-sentabrdan 2026-yil 1-sentabrga qadar respublika bo‘ylab maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralarini o‘zgartirish, toponomik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish tavsiya etildi.